Erik ten Xagning katta intervyusining ikkinchi qismi:
Vaut Vegxorst va Marsel Zabitser haqida
Vaut jamoamizga juda yaxshi moslashdi, Marsel Zabitser ham shunday. Ikkalasi ham ulkan ish bajarishdi.
Biz Liga kubogini yutdik va chempionatda uchinchi o'rinni egalladik, bunga aynan jamoaviy ruh va fidoyilik evaziga erishdik. Vegxorst shuningdek, mavsumda 30 ta gol urgan Reshfordning samaradorligida ham muhim rol o'ynadi.
Jamoaning beqarorligi va «Liverpul»dan uchralgan mag'lubiyat (0:7) haqida
Eng yaxshi kunlarimizda Angliyaning, hatto dunyoning eng kuchli jamoalari bilan raqobatlasha olardik. Ammo eng yomon damlarda darajamiz nihoyatda pastlab ketdi.
«Liverpul»ga qarshi o'yin haqiqiy falokat bo'ldi, jumladan psixologik jihatdan ham. Liga kubogidagi g'alabadan so'ng ko'tarinki ruhda edik va balki o'zimizga ortiqcha ishonib yubordik. Buning uchun qimmat to'lashga to'g'ri keldi. Raqibning deyarli har bir hujumi gol bilan yakunlanardi.
«Sevilya»dan uchralgan mag'lubiyat va Lisandro Martines hamda Brunu Fernandeshning ahamiyati haqida
Aynan «Sevilya»ga qarshi qarama-qarshilik burilish nuqtasi bo'ldi. Birinchi o'yinda 2:0 hisobida oldinda edik, ammo yakunda turnirni tark etdik.
Jamoa Lisandro Martines va Brunu Fernandeshsiz to'liq funksional bo'la olmasligi ma'lum bo'ldi.
Licha himoyadan chiqishda asosiy futbolchi edi, yakkakurashlarda g'olib chiqardi va g'alabali kayfiyatni ta'minlardi. Brunu ham kam ahamiyatga ega emas edi.
Birinchi uchrashuvda Fernandeshni o'yin tugashiga yarim soat qolganda almashtirgandim, keyin esa Martines oyog'ini sindirib oldi.
Brunu Fernandeshning sardor etib tayinlanishi haqida
Bu ham jamoa, ham Brununing o'zi uchun to'g'ri qaror edi.
U aqlbovar qilmas professional, futbolni juda yaxshi tushunadi va har kuni o'z imkoniyatlari chegarasida ishlaydi. Aynan shunday futbolchilar jamoani oldinga boshlaydi.
Ha, ba'zida u haddan tashqari hissiyotga beriladi, lekin eng muhimi — unda g'olib mentaliteti bor.
Men unga taktik rejani amalga oshirishda ma'lum bir erkinlik berardim. Shu bilan birga, futbolchilar ataylab bizning ko'rsatmalarimizni bajarishdan bosh tortgan birorta o'yinni eslay olmayman. Ular har doim harakat qilishardi, chunki bizning ishimizga ishonishardi.
Kobbi Maynuning rivojlanishi haqida
Kobbini ilk bor yoshlar jamoasida ko'rganimda, qanchalik iqtidorli ekanligini darhol tushundim. Ammo menga u juda yengil o'ynayotgandek tuyuldi.
U intensivlikni oshirishi kerak edi, shuning uchun uni mashg'ulotlarga jalb qila boshladik va maxsus vazifalar qo'ydik.
Maynu — o'ziga xos futbolchi. Ko'pchilik unga yordam berdi va qo'llab-quvvatladi, ammo u hamma narsaga birinchi navbatda o'z mehnati bilan erishmoqda.
Jarohatlar va chempionlik uchun kurasha olmaslik haqida
Mavsum davomida markaziy himoyachilarning 13 xil kombinatsiyasidan foydalanishga to'g'ri kelganda va himoya chizig'ini doimiy ravishda o'zgartirganda, barqarorlikka erishish deyarli imkonsiz.
Biroq «Manchester Yunayted»da har doim natija talab qilinadi va chempionlik uchun kurash kutiladi.
Tan olish kerak: o'sha paytda jamoa Premer-ligani yutishga ob'ektiv jihatdan tayyor emasdi. Va keyingi ikki yil ichida vaziyat sezilarli darajada o'zgarmadi.
Agar bizga jamoani qurishda davom etishga ruxsat berishganda, vaqt o'tishi bilan chempionlik uchun kurasha olardik. Ammo o'sha paytda tarkibga sifat va barqarorlik yetishmasdi.
Mazrauining hujumkor yarim himoyachi pozitsiyasidagi o'yini haqida
Men shunaqaman. Angliya kubogi finalida ham ko'pchilikni o'z qarorlarim bilan hayron qoldirgandim va ko'pincha ular to'g'ri bo'lib chiqardi.
Men uchun Mazrauini o'nlik pozitsiyasida ishlatish xavf emasdi — bu mantiqiy ko'rinardi.
Balki, ba'zida bunday qarorlarni muxlislar va jurnalistlar qanday qabul qilishini ko'proq hisobga olishim kerakdir.
Sofyan Amrabat haqida
Men Amrabatning «Manchester Yunayted»da qolishini xohlagandim, ammo rahbariyat boshqacha fikrda edi.
Mening nazarimda, Sofyan jamoada o'zini juda yaxshi ko'rsatdi.