Joan Laporta: Chempionlar ligasi – bizning orzuimiz
Joan Laporta Chempionlar ligasidagi maqsadlar, Xans-Diter Flik, Superliga va Lamin Yamalning «Oltin to'p»ga loyiqligi haqida gapirdi.
❓Chempionlar ligasi «Barselona» uchun bu mavsumdagi asosiy maqsadmi?
🗣 Joan Laporta: «Ha, bu bizning orzuimiz. Bu mening orzuim. Men «Barselona» bilan ko'plab sovrinlarni qo'lga kiritganman, lekin yana bir bor Chempionlar ligasida g'olib chiqishni istardim. Shuningdek, yangi stadionimizni tayyor holatda ko'rishni xohlayman, chunki bu biz uchun juda muhim loyiha, biz tasavvur qilayotgan kelajak uchun kalit hisoblanadi».
❓Bugun sizni Ispaniyadagi eng kuchli jamoa deb ayta olamizmi? Aynan siz boshqalar uchun etalonmisiz?
🗣 Joan Laporta: «Aytishim mumkinki, biz mavsumni juda yaxshi boshladik. Biz ambitsiyali jamoamiz, lekin ayni paytda ortiqcha xotirjamlikka berilib ketmasligimiz kerak. Biz juda yaxshi o'ynayotganimizni va murabbiyimiz bizga ishonch bag'ishlayotganini his qilyapmiz. Bizga yoqadigan va shu bilan birga g'alabalar keltiradigan futbol o'ynamoqdamiz. Biz shu yo'lda davom etishimiz kerak».
❓27 yanvar kuni siz o'z uyingizda «Barselona»ning sobiq futbolchisi Sesk Fabregas boshqaruvidagi «Komo»ga qarshi o'ynaysiz.
🗣 Joan Laporta: «Sesk o'z ishini a'lo darajada bajarmoqda. Menga uning mentaliteti juda yoqadi. U «Barselona» falsafasini juda yaxshi biladi va uni «Komo»ga ko'chirdi. Biz o'xshash tarzda o'ynaymiz, uslubimiz yaqin. Ular bilan Chempionlar ligasida uchrashish yoqimli bo'ladi. Bu klub faol rivojlanmoqda va yuqori saviyadagi o'yinchilarga ega».
❓Balki, Fabregasni «Barselona»ning kelajagi kontekstida o'ylayotgandirsiz?
🗣 Joan Laporta: «Yo'q, yo'q. Biz murabbiyimizdan mamnunmiz. Biz Flikni yaxshi ko'ramiz va u bizga katta zavq bag'ishlamoqda».
❓«Barselona» EFCga qaytdi. Endi «Real»ning ham qaytishi e'lon qilindi. Superliga yakunlandimi?
🗣 Joan Laporta: «Ha. Bu mavzu yopilgan. Men UEFA va Superliga o'rtasida ko'prik o'rnatishga harakat qildim. Gap yechim topish haqida edi, ammo bu imkonsiz bo'lib chiqdi. Ha, bir muddat EFCdan tashqarida edik, lekin biz asoschi klublardan biri bo'lganimiz ham haqiqat. Men Al-Xelayfiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Men unga ishonaman va ovozimizga, mehnatimizga hamda Yevropa futbolini yaxshilashdagi qat'iyatimizga juda tayanaman».
❓Lamin Yamal «Oltin to'p»ga loyiqmi yoki uni PSG futbolchisi yutishi kerak deb hisoblaydigan Al-Xelayfi haqmi?
🗣 Joan Laporta: «Lamin bunga loyiq. U ro'yxatda birinchi o'rinda, u uni yutishga tayyor. Bu uning lahzasi. U Ronaldinyo, Messi yoki Neymar kabi tarixning buyuk futbolchilari sifatlariga ega o'yinchi. Muxlislarga quvonch bag'ishlagan futbolchilar».
❓Lekin Messi – baribir Messi.
🗣 Joan Laporta: «Men doim Yohan Kroyffning muxlisi bo'lganman. Ammo Leo – shunchaki futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchi. Bu yerda hech qanday bahs bo'lishi mumkin emas».